O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Ftiziatriya va Pulmonologiya markazida xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Bayram arafasida markaz ma’muriyati tomonidan 25 nafar shifokor va ishchi xodimlarning maktab yoshidagi farzandlariga yangi o‘quv yili oldidan maktab sumkalari hamda o‘quv qurollari topshirildi. Ularning har biri uchun alohida e’tibor bilan tayyorlangan ushbu sovg‘alar bolajonlar qalbiga quvonch bag‘ishladi.
Shuningdek, ushbu o‘quv yilida farzandlari davlat granti asosida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan 10 nafar xodim ota-onaga ham markaz nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bu yutuq, albatta, nafaqat oila, balki markaz jamoasi uchun ham katta faxrdir.
Tashkil etilgan ushbu xayrli tadbir xodimlar tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, bolajonlarning beg‘ubor quvonchi, ularning chehrasidagi samimiy tabassum bayram oldidan barchaga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
Markaz ma’muriyatining ijtimoiy mas’uliyatni his qilgan holda tashkillashtirgan bu kabi e’tiborli loyihalari kelgusida ham davom etishiga ishonch bildirilmoqda.