Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti dementsiya kasalligi bo’yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, dunyoda ushbu xastalikdan aziyat chekayotgan 57 million kishi yashaydi.

Har yili qariyb 10 million nafar odamda mazkur patologiya anqlanmoqda. Bemorlarning salkam 60 foizi past va o’rta daromadli mamlakatlarda istiqomat qiluvchi aholi vakillaridir.

Asosan keksa yoshli odamlarda kuzatiladigan ushbu kasallik aqliy qobiliyat va xotiraning susayishi bilan namoyon bo’ladi.

Bunga miya qon tomirlari aterosklerozi, insult, qandli diabet, takroriy bosh miya jarohatlari, spirtli ichimliklar, giyohvandlik, doimiy qon yo’qotish, depressiya, ortiqcha vazn yoki semizlik kabi omillar sabab bo’lishi mumkin.

Dementsiya hozir sayyoramiz bo’yicha yuz berayotgan o’lim holatlarining eng ko’p uchrovchi ettinchi sababidir. Qolaversa, u keksa yoshdagi odamlarda kelib chiqayotgan nogironlikning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. 

Tahlillarga ko’ra, Alsgeymer kasalligi — dementsiyaning eng keng tarqalgan shakli bo’lib, taxminan 60-70 foizni tashkil qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSST tomonidan dementsiya bo’yicha ettita strategik yo’nalishni o’z ichiga olgan Global harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislar “bu kasallikning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlarni kuchaytirish juda muhim” degan xulosada. Chunki ushbu xastalikka chalinganlarning umumiy soni 2030 yilda 82 million, 2050 yilga borib esa 152 million nafarga etishi prognoz qilinmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.