Shu bois mamlakatimizda tibbiyotni raqamli transformasiya qilish, “elektron sog’liqni saqlash” axborot tizimlarining yagona kompleksini joriy etish, bu orqali aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga alohida etibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Sog’liqni saqlash vaziri o’rinbosari Farrux Sharipov Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida bu yo’nalishda olib borilayotgan ishlarni o’rgandi.
Xususan, tuman tibbiyot birlashmasida yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED)dan foydalanish holati, ushbu dastur orqali ma’lumotlarni axborot bazasiga kiritish jarayonlarini ko’zdan kechirdi.
— Tibbiyotda raqamli texnologiyalarning ahamiyati katta, — dedi F.Sharipov. — Bu orqali, eng avvalo, bemorlarning uzog’i yaqin, og’iri engil bo’ladi. Qolaversa, raqamlashtirish tibbiy xizmatlar sifatini oshirib, kasalliklar muolajasi va diagnostikasini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, bugun mamlakatimiz sog’liqni saqlash sohasiga reimbursasiya dasturi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastlab Sirdaryo viloyatida sinovdan o’tkazilgan mazkur tizim ayni paytda yurtimizning boshqa hududlarida ham amaliyotga keng tatbiq qilinyapti.
Bu ezgu ishda Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug’urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora tadbirlar to’g’risida”gi qarori dasturilamal bo’lmoqda.
Unga ko’ra, davlat tomonidan aholiga bepul ko’rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari kafolatlangan paketi joriy etilishi, eng ko’p uchraydigan kasalliklar bo’yicha dori vositalari elektron resept asosida dorixonalar orqali bepul berilishi hamda barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi hisobidan qoplanishi belgilangan.
Vazir o’rinbosari tuman tibbiyot birlashmasida mazkur yo’nalishda qilinayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.