Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili dunyo bo’yicha 10,8 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo’yilgan. Ulardan 1,25 million nafari kasallik oqibatida hayotdan ko’z yumgan.

Ekspertlar ko’rsatkichlar yil sayin oshib borayotgani, qolaversa, sayyoramiz bo’yicha xastalikning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotirda.

Shunga qaramay, O’zbekistonda tuberkulyozni aniqlash va davolash borasida katta yutuqlarga erishilmoqda.

— Avvallari kasallikni laborator usulda aniqlash uchun 3 oygacha vaqt ketardi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpieva. — Hozir esa yurtimiz bo’yicha 136 ta gen-molekulyar analizator apparati keltirilib, 97 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Ulardan 40 tasi tumanlarda faoliyat ko’rsatmoqda.

Bundan tashqari, balg’am namunalarini tuman (shahar)lardan asosiy laboratoriyalarga o’z vaqtida olib kelish uchun logistika xizmati yaxshilangan.

Binobarin, tashxis qo’yish uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan 46 ta ultraportativ rentgen apparati joylarga etkazib berilgan. Ular yordamida, hatto, og’ir yotib qolgan bemorlar xonadonigacha borilib, o’pka va ko’krak qafasida qanday patologik jarayonlar kechayotganligi tezkor ravishda aniqlanyapti. 

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 yanvardagi “2023 — 2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida 14 yoshgacha bo’lgan xavf guruhiga mansub aholi qatlamida immunodiagnostika usulida, 14 yoshdan kattalarda esa rentgen usulida tuberkulyozni aniqlash yo’lga qo’yilib, ilk marotaba 10 ta viloyatda “o’pka salomatligi” mobil brigadalari tashkil etildi.

Tuberkulyoz xastaligi tarqalishining oldini olish uchun yangi tug’ilgan chaqaloqlarni emlash qamrovi 99,5 foizga etkazildi. Ayrim sabablarga ko’ra, vaktsina olmagan bolalarda tuberkulin yordamida teri sinamasi o’tkazilib, keyin emlandi.

So’nggi 22 yilda mamlakatimizda kasallanish darajasi 2 barobardan, o’lim ko’rsatkichi esa 10 barobardan ko’proq kamayishiga erishildi. 

O’z navbatida, 1-tur sezuvchan tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga etkazildi va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mosdir.

Shuningdek, silning turg’un shaklidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolash samaradorligi 91,2 foizdan 95 foizgacha oshirilib, muolaja muddati 2 yildan 6-9 oyga qisqardi. Bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan ko’rsatkichdir.

Raqamli texnologiyalar yordamida bemorlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida ambulator davolashning videonazorat usuli butun mamlakat bo’ylab tatbiq qilindi. Ushbu innovasion yondashuv, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashovchi aholida davolanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

JSSTning 2023 — 2030 yillarga mo’ljallangan tegishli harakatlar rejasiga muvofiq, 2023 — 2024 yillarda mamlakatimiz bo’yicha bu yo’nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Tuberkulyoz bilan kasallanishga moyil xavf guruhiga mansub aholi o’rtasida keng qamrovli skrining tadbirlari o’tkazildi. Zamonaviy diagnostika usullari ko’lami kengaytirildi.

Bemorlarni davolash uchun davlat byudjeti mablag’lari hisobidan sifatli dori vositalari xarid qilindi va xastalikning oldini olish maqsadida muloqotdagi shaxslar o’rtasida profilaktik muolajalar olib borildi.

Eslatib o’tamiz, har yili dunyo bo’ylab 24 mart “Butunjahon tuberkulyozga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi. Bu yil ham mazkur sana munosabati bilan “Ha! Tuberkulyozga barham bera olamiz! Majburiyatlar, investisiyalar, natijalar” shiori ostida jahonning turli nuqtalari, jumladan, mamlakatimizda keng qamrovli targ’ibot tadbirlari o’tkazilmoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.