Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan navbatdagi yig’ilishda hududdagi holat tizim rahbarlari ishtirokida atroflicha ko’rib chiqildi.
Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi sog’liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar sog’liqni saqlash boshqarma boshliqlarining shu yo’nalish bo’yicha o’rinbosarlari joylardagi studiyalar orqali qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, 2023 — 2024 yillarda mahalliy byudjet mablag’lari hisobidan Qashqadaryo viloyatiga 970 ta kompyuter texnikasi xarid qilish belgilangan. Ammo bugun viloyatda kompyuterlar etishmaydi. Masalan, G’uzor tumanida 62 ta kompyuter mavjud bo’lib, bu ehtiyojning 14 foizini qoplaydi, xolos. Nishon tumanida ehtiyojning 26, Qamashida esa 34 foizi ta’minlangan.
Sog’liqni saqlash vazirligining shu yil 31 yanvardagi Hay’at yig’ilishi bayoni bilan boshqarma boshliqlarining tibbiyot muassasalarini lokal tarmoqqa ulash bo’yicha zaruriy choralar ko’rishi belgilangan.
Lekin bugungi kungacha qator muassasalarda lokal tarmoq qurilishi yakuniga etmagan. Koson TTBning ko’p tarmoqli Markaziy poliklinikasi, “Saripul” oilaviy poliklinikasi, kitob TTBning 13-oilaviy poliklinikasi shular jumlasidandir.
“Yagona tibbiyot axborot tizimi”ni viloyatda fevral oyiga qadar to’liq joriy etish belgilangan bo’lsa-da, 3 ta muassasada bu vazifa bajarilmagan. Aksincha, allaqachon to’xtatilishi kerak bo’lgan dasturlardan hamon foydalanilmoqda.
Afsuslanarlisi shundaki, bir qator rahbarlar vazirlikning tegishli buyrug’idan umuman bexabar. Ayrim AKT xodimlari o’zlarining funktsional vazifalari haqida aniq tasavvurga ega emas.
Viloyatdagi ayrim tuman birlashma rahbarlari, op va oshp mudirlari elektron dastur bo’yicha nazoratni qo’lga olmagan.
Kitob tumani Markaziy shifoxonasida va boshqa davolash profilaktika muassasalarida DMED tizimi yo’q. Qarshi shahar Ktmpda elektron navbat uchun televizor o’rnatilgani holda, undan haligacha foydalanilmayapti.
Yakkabog’, G’uzor, Ko’kdala va Qamashi tumanlarida joriy yil boshidan bugungi kungacha DMED tizimida murojaatlar yopilmagan, ya’ni “navbatda” statusida qolib ketgan.
Viloyatning 7 ta tumani tibbiyot muassasalarida tizimdan foydalanish past darajada. Masalan, dexqonobodda 74, Ko’kdalada 83, Chiroqchida 84, Qamashi va G’uzorda 89 foizni tashkil etgan.
Yig’ilishda hozir viloyatda pullik xizmat ko’rsatuvchi 45 ta tibbiyot muassasasi borligi, shundan 10 tasida DMED tizimining kassa modulidan foydalanilayotgani ham aytib o’tildi.
Viloyatda “elektron resept” dasturi ishga tushirilgan va dori-darmon uchun Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi tomonidan 484 mln. so’m mablag’o’tkazib berilgan. Ammo mablag’ning bor-yo’g’i 2 foiziga elektron resept yozilgan. Dehqonobod, Yakkabog’, G’uzor va Koson tumanlarida bu ko’rsatkich juda kam foizni tashkil etganini aslo qabul qilib bo’lmaydi.
O’z navbatida, yig’ilishda hududdagi ijobiy holatlar ham tilga olinib, namuna sifatida ko’rsatib o’tildi.
Yakunda keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan zarur vazifalar belgilab olindi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.