Sir emas, hozirgi kunda tibbiyotni transformasiya qilish jarayonida birlamchi bo’g’inga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joylardagi tibbiyot muassasalari, jumladan, oilaviy poliklinikalar uchun zamonaviy binolar qurib berilmoqda va ular so’nggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlanayotir.
Shu o’rinda yana bir masalaga jiddiy e’tibor berilayotganini ham aytish zarur. Gap oilaviy poliklinika laboratoriyalari haqida boryapti. Keyingi yillarda bu yo’nalishda katta ishlar ro’yobga chiqarildi. Natijada yaqingacha sanoqli tahlillar bilan kifoyalangan ushbu laboratoriyalarda ayni vaqtda ko’plab tahillar o’tkazilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning “O’zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” qarori dasturilamal bo’lib xizmat qilyapti.
Zero, mazkur hujjatda aholi turarjoylarida profilaktik ko’ruvlar, laboratoriya klinik-biokimyoviy va instrumental (UTT, EKG va boshqa) tekshiruvlarni olib borish, kasalliklarni erta aniqlash, ularning surunkali holga o’tishiga yo’l qo’ymaslik tizimini yaratishga oid vazifalar belgilab berilgan edi. O’tgan davrda bu borada salmoqli ishlar qilindi.
— Muassasamiz yangi binoda ish boshlagach, laboratoriyaga shinam xonalar berildi, — deydi poytaxtimizdagi 1-oilaviy poliklinikaning shifokor-laboranti Gulbahor Ismoilova. — Muhimi, tahlil uchun kerak bo’ladigan zamonaviy asbob-uskunalar keltirildi. Natijada bir necha turdagi yangi tahlil tekshiruvlarini shu erning o’zida bajarish imkoniga ega bo’ldik.
Hozirgi paytda laboratoriyamizda quyidagi tahlillar qilinmoqda:
Alt (alanintransfereza fermenti);
Ast (aspartataminotransfereza fermenti);
bilirubin (umumiy);
bilirubin (erkin);
bilirubin (bog’langan);
qonda qand miqdori;
xolesterin;
umumiy oqsil;
kreatinin;
mochevina;
revmoproba (RF);
SRB (S reaktiv oqsili);
Asl-o (antistreptolizin-o);
kaltsiy;
gepatit (V, S).
Qolaversa, bu erda umumiy qon va siydik tahlillari, kaprologiya (najas tahlili), qin surtmasi tahlili va molariyaga qon olish o’tkazib kelinyapti.
Umumiy olganda, 20 turga yaqin tahlillarni shu erda sifatli darajada amalga oshirish mumkin.
Bu hudud aholisiga katta qulayliklar yaratdi. Ilgari odamlar ayrim tahlillar uchun boshqa hududlardagi tibbiyot muassasasiga qatnagan bo’lsa, endilikda bunga zarurat qolmadi. Eng asosiy tahlillar shu erning o’zida bekamu ko’st uddalanyapti.
Albatta, bu davlatimiz rahbari boshchiligida tibbiyotni xalqqa yanada yaqinlashtirish borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlarning hayotiy tasdig’idir.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.